Savol javoblar

Jismoniy shaxs nomini geografik obyektlarning tarkibiy qismlariga berish tartibi qanday?

Javob: O‘zbekiston Respublikasining “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni 101-modda (Aholi punktlarining tarkibiy qismlariga O‘zbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish)si bilan tartibga solinadi, jumladan, O‘zbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish ularning vafotidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan hamda, qoida tariqasida, nomlari mavjud bo‘lmagan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nisbatan amalga oshiriladi.

Uyim joylashgan yerni xususiylashtirishim shartmi, bu majburiy talabmi?

Javob: Xususiylashtirish majburiy hisoblanmaydi.

Fuqarolar va yuridik shaxslar yer uchastkalarini xususiylashtirishga boʻlgan oʻz huquqlarini oʻz ixtiyoriga koʻra hamda oʻz manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiradilar. 

Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo'yicha davlat xizmatlari Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali  orqali ko'rsatiladi. 

 Agar fuqaro yer uchastkasini berishni, sotishni xohlamasa, ushbu yer uchastkasi davlat tomonidan ham olib qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. 

Auksionga Uy-joy qurish uchun yerlar qanday o‘lchamda chiqariladi va ularning narxlari qanday belgilanadi?

Mazkur qarorning 3-ilovasida “Yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizasiya qilish tartibi to‘g‘risida nizom” tasdiqlangan.  
Unga ko‘ra maydoni 4 sotixgacha bo‘lgan yer uchastkalari baholovchi tashkilotlar tomonidan baholanib, elektron auksionga chiqariladi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yerlar oldin ham auksion orqali ajratilishi belgilangan edi. Yangi nizom bilan nimalar o‘zgardi?

Yangi nizomda yerni shaharsozlik hujjatlari asosida auksionga chiqarish, shuningdek avval yer uchastkasiga doimiy foydalanish huquqi realizasiya qilingan bo‘lsa, endilikda mulk huquqida sotilishi belgilanmoqda.
Bu esa o‘z navbatida nizolarni bartaraf etish hamda yerga bo‘lgan mulkchilik huquqini kafolatlanishini ta'minlaydi.

Xususiylashtirilgan yerni mulkdordan olib qo‘yish mumkinmi? Qanday holatlarda?

“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida qonunning 34-moddasiga ko‘ra shunday belgilangan:
Yer davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olinganda (egasining yozma roziligi bilan);
Yerga ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilganda;
Yer musodara qilinganda;
Yer rekvizisiya qilinganda (epidemiya, tabiiy ofat vaqtida) olinishi mumkin.

Ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari xususiylashtiriladimi?

Yo‘q bunday yerlar xususiylashtirilmaydi. Bu “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasida belgilangan. Ushbu moddani to‘liq o‘qib beraman va xususiylashtirilmaydigan yerlar to‘g‘risida bilib olishingiz mumkin bo‘ladi.
Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:

    foydali qazilma konlari, qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki ob'ektlari joylashgan yer uchastkalari;
    tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreasiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon hamda suv fondlarining, muhandislik va transport infratuzilmasi ob'ektlarining muhofaza zonalari, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari);
    xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;
    qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalari — maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan davrda;
    ko‘p kvartirali uylar joylashgan, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari;
    davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan, shuningdek yuridik shaxslarga davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari.

Uyim joylagan yerni xususiylashtirishim shartmi bu majburiy talabmi?

Xususiylashtirish majburiy hisoblanmaydi aksicha  o‘z xohishiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Xususiylashtirilgan yer snos qilinishi mumkinmi?

Xususiylashtirilgandan so‘ng yer sizniki hisoblanadi. Yer davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun shunchaki olib qo‘yishning imkoni bo‘lmaydi. Faqat siz bilan shartnoma tuzib kelishilgan narxda sotib olgandan keyin u yer davlatga o‘tadi. Kimdir kelib shunchaki snos qilib ketolmaydi. Amaldagi qonunchilik buni cheklaydi.

O‘zboshimchalik bilan egallangan yoki uyimning yonidagi meniki bo‘lmagan yerni qo‘shib olganman shuni xususiylashtirsam bo‘ladimi?

Yo‘q. Buning iloji yo‘q. Yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplaridan biri bu - qonuniylik. O‘z nomi bilan aytib turibdi O‘zboshimchalik bilan egallangan degani huquqni begilovchi hujjatlari yo‘q degani. 
Qonunga va reglamentga ko‘ra huquqiy hujjatlari mavjud bo‘lgan yerlar xususiylashtirilmaydi.

Xususiylashtirish jarayoni qancha vaqt oladi. Muddati haqida ma'lumot bering.

O‘ziga tegishli yerni xususiylashtirish jarayoni 22 ish kunigacha bo‘lgan muddatda;
Bo‘sh yerlar auksion orqali sotib olinganda 16 ish kunigacha bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Xususiylashtirish uchun qaerga murojaat qilinadi va qancha to‘lov qilinadi?

O‘ziga tegishli yerni xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari markazlariga yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilinadi. 
Bir martalik to‘lov yuridik va jismoniy shaxslar uchun sotib olish qiymatini aniqlashda o‘sha kunda belgilangan bazaviy soliq stavkasining 20 baravari etib belgilangan.

Yerni xususiylashtirish qanday toifidagi yerlarga amal qiladi?

Avvalo shuni aytishimiz kerak - qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarga nisbatan amal qiladi.
Bular: 
    yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
    O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
    xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob'ektlari joylashgan yer uchastkalari;
    bo‘sh turgan yer uchastkalari.

Tizim «Geoinfocom» davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan
Toshkent, 100097, Chilonzor S, Cho'ponota ko'chasi
© 2021-2025 O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi. Barcha huquqlar himoyalangan.